«AgroTech Klaster»: O’zbekiston qishloq xo’jaligi texnikalarining yangi davri

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi texnikalari haqida gap ketganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga tashlandiq sexlar va eskirgan uskunalar kelishi sir emas. Ammo bugun barchasi o’zgargan! 5-iyun kuni Chirchiqdagi yirik «AgroTech Klaster» zavodida jurnalist va agroblogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

«Agro Olam» jamoasi ham u yerda bo’lib, eng qiziqarli va ilgari hech kimga ko’rsatilmagan jarayonlarni o’z kamerasi obyektiviga muhrladi. Xo’sh, haqiqiy holat qanday?

Tarixdan innovatsiyagacha: Integratsiya jarayoni

Ikkinchi jahon urushi davrida asos solingan va o‘z davrida agromashinasozlikning tayanchi bo‘lgan zavod, keyingi o‘n yilliklardagi iqtisodiy qiyinchiliklardan o‘tib, bugun yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Prezidentimizning 2021-yil 11-noyabrdagi 7-sonli qaroriga asosan, sohadagi 5 ta yirik korxona — “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “Agregat zavodi”, “Texnolog” hamda “Texnolog-stan” — yagona klaster tizimida birlashtirildi.

Biz zavod ostonasidan hatlashimiz bilan butunlay boshqa manzaraga guvoh bo’ldik.

Eng hayratlanarlisi — ulkan sexlar ichida ishchilar bilan bir qatorda avtomatlashtirilgan robotlar ham uzluksiz ishlamoqda. Metallni qirqish va uchqunlar sachratib payvandlash jarayonlarini inson emas, aynan aqlli robotlar o’ta aniqlik bilan bajarayotgani O’zbekiston mashinasozligi yangi darajaga chiqqanini ko’rsatadi.

E’tiborimizni tortgan yana bir ajoyib kadr — havoda maxsus moslamalarda osib qo’yilgan, yig’ish jarayonidagi bahaybat traktor karkaslari bo’ldi. Har bir detal konveyer usulida, xalqaro sifat nazorati ostida terilmoqda.

Ayollarimizga qoyil: Erkaklar bilan yelkama-yelka

Og’ir mashinasozlik, ulkan traktorlar va stanoklar deganda faqat erkaklar ko’z oldimizga keladi. Lekin biz guvohi bo’lgan holat kishida katta g’urur uyg’otadi. Zavodning qizg’in nuqtalarida, metallni presslash va ehtiyot qismlarni tayyorlash uskunalarida ayol-qizlarimiz erkaklar bilan bir qatorda mohirlik bilan mehnat qilishmoqda.

Shuningdek, zavod shunchaki texnika yig’adigan joy emas, balki katta ilmiy markazga aylangan. Biz jarayonda Toshkent Irrigatsiya instituti va Turin politexnika universiteti mutaxassislari bilan birgalikda milliy kadrlarimiz tayyorlanayotganiga guvoh bo’ldik.

Dalalarimiz ko’rki: Biz qaysi texnikalarni ko’rdik?

Zavod hududidagi tayyor mahsulotlar maydoni ochiq osmon ostidagi ko’rgazmani eslatadi. Hozirda bu yerda 35 turdagi texnikalar yig’ilmoqda va xizmat ko’rsatilmoqda.

Bundan tashqari ko’plab turdagi qishloq xo’jalik agregatlari ishlab chiqarilmoqda.

Fermerlar uchun kutilmagan yangilik: 27% va 42% lik qoplama!

Press-tur davomida mutaxassislar dehqon va fermerlarimiz uchun eng muhim bo’lgan moliyaviy sirlarni ochiqlashdi. Zavoddan to’g’ridan-to’g’ri texnika xarid qilganlar uchun aqlbovar qilmas subsidiyalar joriy etilgan:

  • Traktor oluvchilar uchun: Xarid summasining 15 foizi davlat tomonidan subsidiya sifatida to’lab beriladi. Bunga qo’shimcha ravishda 12% QQS (qo’shilgan qiymat solig’i) ham sizga qaytariladi. Jami hisobda siz traktor pulining 27 foizini o’zingizda saqlab qolasiz!
  • Lazerli tekislagich oluvchilar uchun: Suvni tejaydigan ushbu uskuna uchun subsidiya miqdori yanada baland — 30 foiz! 12% QQS qaytarilishi bilan qo’shganda, siz uskunaning salkam yarmiga teng (42%) mablag’ni qaytarib olasiz.

Xulosa o’rnida

Bu press-tur bizga bir narsani yaqqol isbotladi: «AgroTech Klaster» — bu shunchaki zavod emas, bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining mustaqilligi va samaradorligini ta’minlovchi tizimdir. Zamonaviy texnikalar, xalqaro sifat va davlat tomonidan taqdim etilayotgan katta moliyaviy imtiyozlar fermerlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

O’zingizni qiziqtirgan barcha savollaringizga javob olishingiz uchun AgroTech Klaster muroaatlar markazi raqami: +998 (78) 150-66-66

Veb sayt: agrotechklaster.uz