Yer egalari, dehqon,fermer xo’jaliklari, tadbirkorlar hamda aholi diqqatiga !!!

O‘simliklar karantini — qishloq xo‘jaligiga va boshqa o‘simliklar dunyosiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar karantini obyektlari kirib kelishining, tarqalishining oldini olishga hamda bunday obyektlarni bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar majmuidir. Karantin ostidagi mahsulot esa bu — o‘simliklar karantini obyektlarini tashuvchilar bo‘lishi mumkin bo‘lgan o‘simliklar, ularning qismlari, ekin materiallari, qayta ishlash mahsuloti, boshqa mahsulot va yuklar hisoblanadi.

O‘simliklar karantini sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi  O‘zbekiston Respublikasi qonuni  qabul qilingan. O‘simliklar karantini to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Mazkur qonunga  ko‘ra   yuqori fitosanitar xavfga ega bo‘lgan karantin ostidagi mahsulotni, shu jumladan ekish, payvandlash, ko‘paytirish uchun mo‘ljallangan ekish materiallarini, xususan ko‘chatlar, ildizlar, barglar, qalamchalar, urug‘lar, tugunaklar, piyozboshlar, ildizpoyalarni yoki ularning qismlarini xorijiy mamlakatlardan O‘zbekiston Respublikasida yashovchi fuqarolarga pochta va kuryerlik jo‘natmalarida yuborish, shu jumladan bagajda va qo‘l yukida olib o‘tish taqiqlanadi. O‘simliklar karantini obyektlari bilan zararlanmagan ayrim mevalarni, yangi ho‘l meva va sabzavotlarni yo‘lovchilarning qo‘l yukida o‘tkazishga o‘simliklar karantini davlat inspektori tomonidan ruxsat beriladi. Alohida qimmatga ega bo‘lgan urug‘lar, o‘simliklar yoki ekish materiallari ilmiy-tadqiqot muassasalarining manziliga yo‘llangan taqdirda, ular o‘simliklar karantini davlat inspektorining xulosasiga ko‘ra introduksiya karantin ko‘chatxonasiga tekshirish uchun yuborilishi kerak.

O‘simliklar karantini to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

“O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasiga muvofiq O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bosh direktorining buyrug‘i bilan “Karantin ostidagi mahsulotni olib kirish, olib chiqish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, realizatsiya hamda yo‘q qilishga doir fitosanitariya talablari” ilovaga muvofiq tasdiqlangan bo‘lib, mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan kelishilgan.

Ushbu fitosanitariya talablari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan karantin ostidagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish, realizatsiya hamda yo‘q qilishga doir qoidalarni belgilaydi.

Karantin ostidagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish, ishlab chiqarish (yetishtirish), qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilishda ushbu mahsulotlar karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan hamda karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlardan xoli bo‘lishi kerak.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan karantin ostidagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish, ishlab chiqarish (yetishtirish), qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilishda o‘simliklar karantini qoidalari va ushbu fitosanitariya talablariga rioya etilishi lozim.

Mazkur fitosanitariya talablariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilayotgan karantin ostidagi mahsulotga quyidagi fitosanitariya talablari qo‘yiladi:

-karantin ostidagi mahsulot import qiluvchi davlatning fitosanitariya talablariga muvofiq bo‘lishi;

-karantin ostidagi mahsulotdan tayyorlangan yog‘och taglik va yog‘och o‘ram (qoplama)lar, 6 mm va undan qalin qutilar (yashiklar)ni karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan zararli organizmlarga qarshi kurashish bo‘yicha zararsizlantirish (fumigatsiya) bo‘linmalari tomonidan zararsizlantirish, shuningdek ularda termo muhr qo‘yilgan bo‘lishi hamda karantin ostidagi mahsulot solingan qadoqlarning har biri mahsulot olib chiquvchi jismoniy yoki yuridik shaxs tomonidan markirovkalangan bo‘lishi.

Karantin ostidagi mahsulotda karantin ko‘rigini o‘tkazish jarayonida karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar aniqlansa, mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) yoki tozalash lozim.

Karantin ostidagi mahsulotni olib chiqishda yuklarni transport vositasiga yuklashdan oldin, transportning yukxonasi karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlardan zararsizlantirilishi kerak.

Karantin ostidagi mahsulotni olib chiqish uchun foydalaniladigan transport vositalari (karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar tarqalmasligi uchun) to‘liq berkitilgan bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan karantin ostidagi mahsulotga quyidagi fitosanitariya talablari qo‘yiladi:

– karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlardan xoli bo‘lishi;

– karantin ostidagi mahsulotdan tayyorlangan yog‘och taglik va yog‘och o‘ram (qoplama)lar, 6 mm va undan qalin qutilar (yashiklar)ning barchasiga zararsizlantirilganlikni tasdiqlovchi termo muhr qo‘yilgan bo‘lishi hamda karantin ostidagi mahsulot eksport qiluvchi davlatlarning talablariga ko‘ra markirovkalangan bo‘lishi.

Olib kirilgan karantin ostidagi mahsulotda karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar aniqlanganda, ular belgilangan tartibda zararsizlantiriladi (fumigatsiya qilinadi), agar zararsizlantirish (fumigatsiya) va tozalashning samarali tadbirlarini qo‘llash imkoni bo‘lmasa, yuk jo‘natuvchiga qaytarib yuboriladi yoki yo‘q qilinadi.

Karantin ostidagi mahsulotni tranzit tarzida O‘zbekiston Respublikasi hududidan yopiq yoki izotermik, tashishga yaroqli va plombalangan vagonlarda, avtofurgonlarda, avtorefrejerator yoki konteynerlarda olib o‘tish talab etiladi.

Yog‘och va yog‘och mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishga doir maxsus fitosanitariya talablari ham belgilangan bo‘lib,unga ko‘ra yog‘och materiallarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirishda ular maxsus yopiq (o‘ralgan) transport vositalarida tashilishi lozim.

Yog‘och materiallari usti ochiq transport vositalari, jumladan temir yo‘l vagonlarida tashilganda, respublika hududiga kirish joyida yoki mahsulot kelib tushgan joyda zararsizlantirilishi (fumigatsiya) lozim.

O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan barcha turdagi karantin ostidagi yog‘och materiallari o‘simliklar karantini obyektlaridan xoli bo‘lishi lozim.

Respublika dalalarida yetishtirilgan karantin ostidagi mahsulotni hududlararo tashishda foydalaniladigan transport vositalari yukxonasining ustki qismi yopiq bo‘lishi kerak.Karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar bilan zararlangan maydonlar yoki karantin e’lon qilingan hududlarda yetishtirilgan karantin ostidagi mahsulotni boshqa hududlarga tashish taqiqlanadi.

Eksportga yo‘naltirilgan va import qilinishi rejalashtirilgan karantin ostidagi mahsulot bojxona rasmiylashtiruviga qadar vaqtinchalik saqlanadigan omborxona, muzlatgich va qadoqlash korxonalariga doir fitosanitariya talablari:

Karantin ostidagi mahsulotni saqlash va qadoqlashga mo‘ljallangan bino (omborxona, muzlatgich) quyosh va yog‘ingarchilikdan yetarli darajada himoyalangan, havo aylanmasi mavjud hamda karantin ostidagi mahsulot turiga qarab issiqlik va namlik me’yorida bo‘lishi hamda binolarning eshik va oynalari zich ravishda yopilishi lozim.

Mavsum oldidan hamda har yili kamida bir marta karantin ostidagi mahsulotni saqlovchi va qadoqlovchi bino, omborxona, saralovchi hamda qadoqlovchi uskunalar belgilangan tartibda profilaktik zararsizlantirilishi (fumigatsiya qilinishi) kerak.

Karantin ostidagi mahsulotni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va uning hududidan olib chiqish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar bilan zararlangan yoki ichki fitosanitariya sertifikati mavjud bo‘lmagan karantin ostidagi mahsulotni saqlamasligi hamda qadoqlashga mo‘ljallangan binoga (omborxona, muzlatgich) qabul qilmasligi lozim.

Karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilishga doir fitosanitariya talablariga ko‘ra xorijiy davlatlardan olib kirilgan karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni zararsizlantirish (fumigatsiya) yoki qaytarib yuborishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, maxsus joyda (pechda) yoqib yuborish yoki chuqur qazib ko‘mib tashlash yo‘li bilan yo‘q qilish lozim.

Bunda, karantin ahamiyatiga ega bo‘lgan va karantin ahamiyatiga ega bo‘lmagan zararli organizmlar bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni yo‘q qilishda uning iste’mol va foydalanish xususiyatlari to‘liq yo‘qotilishi kerak.

Fumigatsiya bu — o‘simliklar karantinidagi va boshqa zararli organizmlarni yo‘q qilish maqsadida o‘simliklar karantini obyektlarini kimyoviy vositalar gazlari bilan zararsizlantirishdir.Karantin ostidagi mahsulot olib kirilayotganda, O‘zbekiston Respublikasi hududida tashilayotganda, olib chiqilayotganda transport vositalaridagi va bo‘sh omborlardagi fumigatsiya ishlari faqat zararsizlantirish (fumigatsiya) bo‘limlari tomonidan amalga oshirilib, ularning yakuni bo‘yicha zararsizlantirish to‘g‘risidagi dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasiga o‘simliklar karantini nazoratidagi mahsulotlarni olib kirish O‘zbekiston Respublikasining “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi Qonuni, o‘simliklar karantini qoidalari, boshqa qonun hujjatlari, fitosanitariya talablari, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududini o‘simliklar karantinidagi zararli organizmlardan himoya qilish va O‘simliklar karantini sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risidagi nizom hamda karantin ruxsatnomalarida belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.

Karantin ruxsatnomasi karantin ostidagi mahsulotlarning belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishiga yoki hududidan tranzit tarzida olib o‘tilishiga ruxsat berilganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘simliklar karantini to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Yer egalari, fermer xo’jaliklari, eksportyor, importyorlar uchun yangilangan “Agroko‘makchi” maxsus mobil ilovasi ishga tushirilgan bo‘lib,Unda zararli organizmlar, begona o‘tlar hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar, eksport uchun ochilgan bozorlar, shuningdek, o‘simlik klinikalari kabilar haqida ma’lumotlar mavjud.Ilova yer egalari, fermerlar, eksportyor hamda importyorlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u orqali zarurat bo‘lganda kerakli ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.Endi fermer yoki dehqonlar zarurat bo‘lganda telefon orqali o‘ziga kerakli bo‘lgan ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin. Buning uchun “Agroko‘makchi” mobil ilovasining o‘zi yetarli.

Mobil ilovada:

-SES laboratoriyalari;
-Mineral o‘g‘it omborlari va shtab tarkibi;
-Feromon tutqichlar bo‘yicha ma’lumotlar;
-Zararli organizmlar, begona o‘tlar haqida batafsil ma’lumot,ularga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar;
-Sinov va ro‘yxatdan o‘tgan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va mineral o‘g‘itlar;
-Eksport uchun ochilgan bozorlar;
-Hududlarda faoliyat yuritayotgan biolaboratoriyalar;
-Tuproqni agrokimyoviy tahlilini o‘tkazuvchi laboratoriyalar;
-O‘simlik klinikalari;
-Qadoqlovchi korxonalar va boshqa foydali ma’lumotlar jamlangan.

Foydali ma’lumotlar bo‘limida esa endi mahalliy va import bo‘lgan urug‘ va ko‘chatlar haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin.

Shuningdek, eksport operatsiyalari bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida Eksport qilinishi mumkin bo‘lgan davlatlar va ular tomonidan qo‘yilgan talablar, meva-sabzavot mahsulotlariga tavsiya etiladigan minal eksport narxlari hamda xorijiy davlatlarda bozor mahsulotlari narxlari to‘g‘risida so‘nggi ma’lumotlar kiritib borilmoqda.

Alohida rukn orqali qadoq ishlab chiqaruvchi korxonalar, logistika xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar, yetishtirilayotgan eksportbop ekinlar maydoni va yaqin 20 kunda pishib yetilishi kutilayotgan hosil, omborlarda mavjud mahsulotlar to‘g‘risida ham ma’lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin. “Qidiruv” menyusi yordamida ma’lumotlarni osongina topib olish mumkin bo’ladi.

 Mobil ilovani “App Store” va “Play Market”  platformalaridan yuklab olishingiz mumkin. “Agroko‘makchi”  mobil ilovasini  kompyuteringizda ham Agrokomakchi.uz  havolasi orqali  bemalol foydalanishingiz mumkin.

Maqola mualliflari:

Rasulov Javoxir Ulugʻbek oʻgʻli
Abdiraxmanov Sardor Baynazarovich
Baratov Boxodir Salim ugʻli
Jonkobilov Maxmarejab Mardonovich
Karshiboyev Asadjon Davlatovich
Muminov Otabek Komiljonovich
Narzullayev Lochinbek Najmiddinovich
Tursunov Azizjon Akbar oʻgʻli

Toshkent viloyati oʻsimliklar karantini va himoyasi boshqarmasi «Nazarbek» TIF maskani inspektorlari