Qashqadaryo viloyati, 19-iyul – O‘zbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatida amalga oshirilayotgan AgroExchange terras bog‘i loyihasi bugun nafaqat agrar rivojlanish, balki innovatsion agroturizm yondashuvining yorqin namunasi sifatida ajralib turibdi. Mazkur hududga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev quyidagi so‘zlar bilan o‘z fikrini bildirib o‘tdilar:
“Cho‘l-adirlarni o‘zlashtirishimizga shubha qilganlar, shu bog‘ni kelib ko‘rsin.”
Avval qurum, quruq adir hisoblangan 520 gektar yer bugun to‘liq yashillikka burkanmoqda. Bu natijaga erishishda Netafim kompaniyasining tomchilatib sug‘orish tizimi asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur yechim tufayli nafaqat suv tejalmoqda, balki hosildorlik va yerning iqtisodiy samaradorligi sezilarli darajada oshgan.
Loyiha doirasida “terrasa” usulida uzum, gilos va olma ko‘chatlari ekilgan, sun’iy o‘rmon hududi barpo etilgan. Fransiyadan olib kelingan yuqori sifatli ko‘chatlar Netafim tizimlari orqali individual namlik talablari bo‘yicha samarali sug‘orilmoqda. Xorijiy ekspertlar ko‘chatlarning rivojlanishini kuzatib bormoqda.
Majmua yillik 7,500 tonna mahsulot yetishtirish quvvatiga ega bo‘lib, 5 million AQSh dollari miqdorida eksport salohiyatini shakllantirgan. Shu bilan birga, 100 ta doimiy va 1,000 dan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.
Yana bir muhim bosqich – majmuada 120 o‘rinli restoran, 100 o‘rinli mehmonxona, agrologistika markazi, va qayta ishlash inshootlari qurilmoqda. Bu hududning nafaqat agrar, balki turizm va xizmat ko‘rsatish salohiyatini ham oshirmoqda.
Netafim kompaniyasi dunyo miqyosda eng ilg’or suv tejamkor sug‘orish texnologiyalari bo‘yicha yetakchi kompaniya bo‘lib, ushbu kompaniyaning yurtimizdagi asosiy maqsadi – O‘zbekistonda barqaror qishloq xo‘jaligi va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ilg‘or yechimlarni joriy etishdir.
Mazkur loyiha suv taqchilligi mavjud bo‘lgan, murakkab relyefli hududlarni iqtisodiy va ekologik jihatdan samarali foydalaniladigan maydonlarga aylantirish yo‘lida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli hamkorlik natijasidir. Netafim esa ilg‘or sug‘orish texnologiyalari orqali mamlakatda suv tejovchi va yuqori samarali dehqonchilikni rivojlantirishga faol hissa qo‘shmoqda.
















