2025-yil 26–28-noyabr kunlari Toshkentdagi O‘zekspomarkazda qishloq xo‘jaligi sohasining yirik xalqaro tadbiri – AgroExpo Uzbekistan/Agrotech Expo 2025 ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur ko‘rgazma nafaqat mahalliy fermerlar va ishlab chiqaruvchilar, balki jahon agrobiznesi vakillari uchun ham muhim maydonga aylanmoqda.
Mazkur ko‘rgazmaga tayyorgarlik doirasida, 2025-yil 30-sentabr kuni Toshkent shahrida Germaniya milliy pavilyoniga bag‘ishlangan biznes nonusta tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Germaniyadan mas’ul hodim – Alex Batalov, shuningdek soha vakillari, tadbirkorlar va ko‘plab mehmonlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida bu yilgi xalqaro ko‘rgazma doirasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilinib, tadbirkorlar o‘z takliflarini ilgari surdilar, soha mutaxassislari esa o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Bu yil ko‘plab davlatlar rasmiy milliy pavilyonlari bilan ishtirok etadi. Jumladan, Germaniya – “Made in Germany” brendi ostida, Polsha – zamonaviy texnologiyalari bilan, Niderlandiya – milliy stendi orqali qatnashadi. Eron esa 15 dan ortiq kompaniya bilan keng ekspozitsiya taqdim etadi.
Ko‘rgazma doirasida ilk bor chorvachilik ekspozitsiyasi tashkil etilib, zotli qoramol, qo‘y va parrandalar namoyish qilinadi. Shuningdek, Milliy fermerlar syezdida islohotlar, meteoxizmatlar, chorva ozuqasi sifati va xalqaro hamkorlik masalalari muhokama etiladi.
AgroExpo Uzbekistan/Agrotech Expo 2025 – innovatsiyalar, tajriba almashuvi va yangi hamkorliklar maydoni bo‘lib, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining modernizatsiyasi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
















