Асалари ўсимликларга зарар келтирадими?

Aholi o‘rtasida, asalarilar gulga o‘tirib uning shonasiga zarar keltiradi, natijada hosil kamayadi degan noto‘g‘ri tushuncha tarqalgan. O‘simliklar hosildorligini oshirishda hashorotlarning changlatish faoliyati katta ahamiyatga ega. Hashorotlarning ekinlarni changlatishdagi rolini tasavvur qilish uchun o‘simliklarning 80% chetdan changlanishga muhtojligini aytish kifoya qiladi. Agar changlatuvchi hasharotlar bo‘lmaganda o‘simliklarning ko‘p turlari yer yuzidan yo‘qolib ketishi mumkin edi.

Keyingi vaqtlarda qishloq xo‘jaligida har xil zaharli ximikatlarni ko‘r-ko‘rona qo‘llash hasharotlar dunyosidagi biologik muvozanatning buzilishiga olib kelmoqda. Natijada, tabiiy changlatuvchi hasharotlarning turi, soni kamayib, asalarilarning changlatishdagi roli yanada oshmoqda.

Xonaki asalarilar ishlatib biz o‘simliklarni changlatish jarayonini tartibga solishimiz mumkin. Tabiiy changlatuvchi hasharotlardan asalarilarning afzalligi shundaki, ular politrof, ya’ni chang va nektar yig‘ish uchun barcha turdagi o‘simliklarga qatnaydi.

Asalarilarning changlatishdagi ahamiyati azaldan ma’lum. O‘simliklarning changlanish masalasi bilan shug‘ullangan mutaxassislar aslarilar poliz ekinlari va meva daraxtlarini changlatishda qatnashib ularning hosilini 4-5 marta oshirganligini isbotladilar.

Asalarilar yordamida va boshqa kompleks tadbirlar qo‘llab hosilni oshirish masalasiga ahamiyat berilmoqda. Olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, o‘simliklarni asalarilar yordamida changlatish hosilni 180-250% gacha, jumladan, kungaboqarni 40-50% gacha, qora bug‘doyni 1,5 marta, karam, sholg‘om, piyoz kabilarni 30-40%, zig‘irni 27% gacha oshiradi.

Respublikamizning ba’zi hududlarida masalan, Surxondaryo viloyatidagi Sherobod, Sho‘rchi, Denov; Toshkent viloyatidagi Oqqo‘rg‘on, Yangiyo‘l; Qashqadaryo viloyatidagi Shahrisabz kabi ayrim tumanlarda asal yig‘ish uchun yaxshi sharoit mavjudligidan bu yer ekinzorlarida jamoa va xususiy arizorlar ancha keng tarqalgan. Bu yerlardagi ekinzorlar chetdan yaxshi changlatiladi va natijada hosil ancha oshadi.

Asalarichilikni keng yoyish va ayniqsa asalarilarning changlatishdagi ahamiyatini tushuntirish juda muhim ish sanaladi. Shuning uchun qishloq xo‘jaligi maxsulotlari va asal yetishtirishni birgalikda, uzviy bog‘liq holda olib borilsa har ikki soha uchun ham foydali bo‘ladi.

 

Manba: “Asalari – foyda bari” (Sobirjon Mamasotiyev, Ne’matjon Hoshimov)

Дўстларингизга ҳам улашинг!