KUZGI-QISHKI MAVSUMDA ISSIQXONADA POMIDOR YETISHTIRISH

Ushbu mavsumda pomidor hosili noyabrda pishib yetila boshlaydi. Bu ochiq dalada yetishtiriladigan pomidor hosilining tugash davriga to‘g‘ri keladi.

Qishki issiqxonalarda ko‘chatni avgust oyining oxirida o‘tkazish eng yaxshi muddat hisoblanadi. Kuzgi-qishki ekish davri yanvarning boshida tugaydi.

Ushbu turdagi almashlab ekishda yarim determinant navlardan foydalaniladi. Bunda o‘simlik oziqlanadigan maydon qishki-bahorgi mavsumga nisbatan bir muncha kichik bo‘lishi lozim. Ko‘chat ekishning bir qatorli sxemasi 70×35 yoki 80×30 sm bo‘ladi. 1 m² yuzaga 4 dona o‘simlik ko‘chati to‘g‘ri keladi.

Kuzgi-qishki almashlab ekishning boshlanishida haroratning ortishi alohida kuzatiladi. Bunda haroratning 30°C dan ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Isib ketishdan saqlanish uchun issiqxona tomi oqlanadi.

Issiqxonada havo harorati oktabr-noyabr oylarida, quyoshli kunlarda 25–28°C, bulutli kunlarda 18–20°C, tungi soatlarda esa 16–18°C oralig‘ida bo‘lishi lozim.

Tuproq harorati 15–17°C oralig‘ida saqlanadi. Dekabr oyida kun qisqarishi va buning oqibatida tabiiy yorug‘likning kamayishini hisobga olib, issiqxonadagi harorat kunduz kunlari asta-sekin 18–20°C gacha, kechasi esa 15–16°C gacha pasaytiriladi.

Havoning nisbiy namligi 60% dan yuqori bo‘lmasligi kerak. Qator oralariga 2–3 marta ishlov beriladi, o‘simlik esa chopiqdan chiqariladi.

Avgust-sentabr oylarida sug‘orish tez-tez takrorlanadi, lekin keyinchalik oyiga 2–3 martagacha kamaytiriladi. Biroq bunda tuproq namligi 70% dan kam bo‘lib ketmasligi kerak.

Hosilni yig‘ib olish noyabrning o‘rtalarida boshlanib, yanvarning o‘rtalarida tugaydi. Oxirgi muddatlarda ham pishib yetilmagan hosil bo‘lsa, o‘simlik ildizi bilan sug‘urib olinib, osib qo‘yiladi. Shu orqali hosilning yetilishiga sharoit yaratiladi.